Jamg‘arma haqida
Umumiy ma’lumot
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Jamg‘arma qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tijorat banklari orqali imtiyozli kredit resurslari bilan moliyalashtiradi va texnika lizingini qo‘llab-quvvatlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-4947-son Farmoniga muvofiq 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha “HARAKATLAR STRATEGIYASI” davlat Dasturi ishlab chiqildi.
Mazkur Farmonga muvofiq, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilindi.
Qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish, qishloq xoʻjalik ekinlari hosildorligini oshirish, davlat xaridi uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirishning samarali tizimini shakllantirish, shuningdek qishloq xoʻjalik korxonalarini yuqori unumli zamonaviy texnikalar bilan taʼminlashni tubdan takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusiga koʻra “Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasi” tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” PF-5095-son Farmoniga muvofiq Jamgʻarma zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatildi:
- yetishtiriladigan paxta va gʻalla hosili hisob-kitobini oʻz vaqtida moliyalashtirish;
- qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda ishtirok etadigan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi tashkilotlariga zamonaviy, yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikasini imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berishni ragʻbatlantirish uchun qaytarib berish asosida qarz mablagʻlari ajratish;
- zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalaridan foydalanish asosida hisob-kitob tizimini yanada takomillashtirish va joriy etishni moliyalashtirish;
- rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlarning agrar sohani moliyalashtirish boʻyicha tajribasini keyinchalik uning ijobiy natijalarini respublikada joriy etish maqsadida oʻrganish.
Jamgʻarma zimmasiga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashda, paxta tolasini eksport va ichki isteʼmolchilarga sotishdan tushadigan boʻnak, shuningdek ular yuzasidan yakuniy hisob-kitob qilishdan tushadigan mablagʻlar, tasdiqlangan preyskurantdagi ulgurji narxlardan yuqori boʻlgan mablagʻlar, tegishli yil hosili paxta tolasini sotish yakunlari boʻyicha — ijobiy tafovutning toʻliq miqdordagi yakuniy summasi hamda un va don mahsulotlarini sotish va qayta baholashdan, shuningdek mahsulotlar eksportidan tushgan valyuta mablagʻlarini erkin birja savdolari orqali sotishdan tushadigan mablagʻlar-Jamgʻarma mablagʻlari shakllantirishning asosiy manbasi etib belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” PQ-3096-son qaroriga muvofiq quyidagilar Jamgʻarmaning moliya va tijorat agentlari hisoblanadi:
- paxta va gʻalla yetishtirish, xarid qilish, shuningdek, zamonaviy, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega qishloq xoʻjaligi texnikasini imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish boʻyicha moliya agenti — “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki;
- paxtani xarid qilish, saqlash, qayta ishlash va sotish boʻyicha tijorat agenti — “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari;
- gʻallani xarid qilish, saqlash, qayta ishlash va sotish boʻyicha tijorat agenti — “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi;
- zamonaviy, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega qishloq xoʻjaligi texnikasini imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berish boʻyicha tijorat agenti — “Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzmashlizing” MCHJlar belgilangan.
Agentlar
Tarix va huquqiy asos
2018-yil 12-iyul
Vazirlar Mahkamasining 533-son qarori bilan Jamg‘arma to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
2021-yil 26-fevral
Prezidentning PF–6179-son Farmoni bilan Jamg‘arma faoliyati tubdan takomillashtirildi va Jamg‘armani boshqarish departamenti tashkil etildi.
2023-yil 25-dekabr
Vazirlar Mahkamasining 680-son qarori bilan paxta xom ashyosini yetishtirish va yig‘im-terimni kreditlashning amaldagi tartibi belgilandi.
2026-yil 8-may
Prezidentning PF–82-son Farmoni bilan paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha choralari va Departamentning amaldagi tuzilmasi tasdiqlandi.