Murojaatlar
Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi
Jamgʻarmaga yoki uning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar Jamgʻarma tomonidan yoki murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha zimmasiga majburiyatlar yuklatilgan mansabdor shaxslar tomonidan koʻrib chiqiladi. Murojaatni toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun qoʻshimcha maʼlumotlar, maʼlumotnomalar va materiallarga zarurat paydo boʻlgan taqdirda, mazkur murojaatni koʻrib chiqayotgan Jamgʻarma yoki uning mansabdor shaxslari murojaat etuvchidan, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan qoʻshimcha axborotni soʻrab olishi mumkin.
Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan boʻlmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar oʻzlaridan soʻralayotgan axborotni oʻn kun ichida taqdim etishi shart. Murojaatlarni koʻrib chiqayotgan Jamgʻarma yoki uning mansabdor shaxslari zarur hollarda, murojaatning joyning oʻziga borib koʻrib chiqilishini taʼminlashi mumkin.
Agar murojaatda qoʻyilgan masalalar xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga daxldor boʻlsa, ularning vakillari murojaatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun Jamgʻarma tomonidan oʻz vakolatlari doirasida jalb etiladi.
Agar murojaatni koʻrib chiqishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ko‘rib chiqish muddatlari
- Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan Jamg‘armaga yoki uning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
- Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli Jamg‘armaning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
- Taklif Jamg‘armaga yoki uning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.