Ko‘rish qobiliyati cheklanganlar uchun

Sozlamalar shu brauzerda saqlanadi va barcha sahifalarga tatbiq etiladi.

Shrift o‘lchami
Kontrast
Rasmlar

Klaviatura: Tab — keyingi element, Esc — yopish.

Vazirlar Mahkamasi qarori №578

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

Qabul qilingan
12.07.2019
Hujjat turi
Vazirlar Mahkamasi qarori
Yo‘nalish
Qishloq xo‘jaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida xarid qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Amal qilish holati
Amal qilmoqda
Jamg‘armaga aloqadorligi
Bevosita

Hujjat matni

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING

QARORI

QISHLOQ XOʻJALIGI MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARUVCHILARNING MODDIY-TEXNIK BAZASINI YANADA MUSTAHKAMLASH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA

Qishloq xoʻjaligi texnikasi parkini yangilash va modernizatsiya qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni sifatli va arzon texnika bilan taʼminlash, ularga oʻz vaqtida servis xizmati koʻrsatish hamda raqobatbardosh qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarishni moliyalashtirishga bozor mexanizmini keng tatbiq etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berishni oʻz vaqtida moliyalashtirishni taʼminlasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 2000 yil 2 noyabrdagi 424-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2019 yil 12 iyul,

578-son

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 578-son qaroriga

1-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom qishloq xoʻjaligi korxonalari samaradorligini oshirish hamda ularni zamonaviy yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

qishloq xoʻjaligi texnikasi — Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, gʻalla oʻrish va paxta terish texnikasidan tashqari barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalari, jumladan haydov, chopiq, transport va bogʻdorchilik traktorlari, uch va undan ortiq korpusli aylanma omochlar hamda koʻp vazifali pnevmatik va mexanik seyalkalar;

qarz oluvchi — mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlar, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari va klasterlari hamda mexanizatsiya xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilotlar;

subsidiya — qarz oluvchi tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasi lizing yoki kredit shartlarida xarid qilinganda ularning foiz xarajatlarini tijorat banklari yoki lizing tashkilotlari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punkti miqdorida qoplab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) pul mablagʻlari;

imtiyozli shartlar — foiz miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasida va undan kam miqdorda belgilangan foizlar.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olish uchun ajratilgan kredit va lizing boʻyicha hisoblangan foizning 10 foizlik punktini qoplab berish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarni Jamgʻarmaga ajratadi.

Bunda xarajatlarni qoplashning ushbu miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasining oʻzgarishiga qarab Moliya vazirligi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin;

tijorat banklarida resurslar taqchilligi yuzaga kelganda qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olishga kreditlar ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining vaqtinchalik boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga belgilangan tartibda joylashtiradi.

4. Ushbu Nizom talablari Nizom kuchga kirgunga qadar qishloq xoʻjalik texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish boʻyicha rasmiylashtirilgan shartnomalarga hamda boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tatbiq etilmaydi.

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki tomonidan qarz oluvchiga qishloq xoʻjalik texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ajratilgan lizing yoki kredit foizini qoplash uchun subsidiya ajratish mazkur Nizomning ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

5. Qarz oluvchiga lizing hamda kredit shartlarida xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikasining foiz toʻlovini qisman qoplab berish uchun subsidiya ushbu Nizom talablari asosida lizing tashkiloti, tijorat banki va Jamgʻarma oʻrtasida tuziladigan Bosh bitimga muvofiq ajratiladi.

Subsidiya miqdori qarz oluvchi va lizing tashkiloti yoki tijorat banki oʻrtasida tuziladigan shartnoma shartlarida aks ettirilishi shart.

Subsidiya lizing hamda kredit shartlarida xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikasining kamida 1 yillik kafolat muddati, shuningdek, ushbu texnika uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida servis xizmati koʻrsatuvchi markazlar boʻlganda lizing tashkiloti yoki tijorat bankining foiz toʻlovlarini qisman qoplab berish uchun ajratiladi.

6. Qarz oluvchining lizing yoki kredit foizini qoplash uchun subsidiya tijorat banki va lizing tashkiloti tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punkti miqdorida ajratiladi.

Bunda, lizing yoki kredit shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 1,5 baravarigacha boʻlgan foiz stavkasi bilan haydov traktorlari uchun 5 — 7 yil muddatga, chopiq, transport, bogʻdorchilik traktorlari, uch va undan ortiq korpusli aylanma omochlar hamda koʻp vazifali pnevmatik va mexanik seyalkalar uchun 3 — 5 yil muddatga rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim.

7. Subsidiya Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti hisoblangan qonunchilikda belgilangan tartibda faoliyat koʻrsatuvchi lizing tashkiloti va tijorat banklariga ajratiladi.

2-bob. Subsidiya ajratish tartibi

8. Subsidiya faqat lizing yoki kredit shartnomasi tuzilgan kunda ishlab chiqarilgan muddati bir yildan oshmagan yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun ajratiladi.

9. Subsidiya:

a) lizing yoki kredit oluvchilar tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasini shartnomada koʻrsatilgan qiymatining 20 foizidan kam boʻlmagan miqdorda avans toʻlanganda;

b) lizing yoki kredit shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasining 1,5 baravarigacha boʻlgan foiz stavkasida rasmiylashtirilganda ajratiladi.

10. Qishloq xoʻjaligi texnikasi byudjet mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning kreditlari hisobiga imtiyozli shartlarda xarid qilinganda yoki boshqa subsidiya shartlari qoʻllanilganda subsidiya ajratishga rad etiladi.

11. Qarz oluvchi tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilishda lizing tashkiloti yoki tijorat bankiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

a) ariza;

b) yangi qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma;

v) sugʻurta polisi, kafillik yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taʼminot turlari.

12. Ushbu Nizomning 11-bandiga muvofiq barcha zarur hujjatlar taqdim etilganidan soʻng lizing tashkiloti yoki tijorat banki arizani 3 bank ish kunida koʻrib chiqishi, ijobiy xulosa qabul qilinganda qarz oluvchi bilan shartnoma tuzishi lozim.

Lizing tashkiloti yoki tijorat bankining kredit qoʻmitasi tomonidan kredit ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda qarz oluvchiga rad etish sabablari bayon etilgan yozma maʼlumot taqdim etilishi shart.

Qarz oluvchi qayta murojaat qilishga haqli.

13. Lizing tashkiloti yoki tijorat banki qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli foiz toʻlovini toʻlaganligi toʻgʻrisida umumlashtirilgan maʼlumotni Jamgʻarmaga taqdim etadi.

14. Taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligi, lizing yoki kredit ajratish va ular boʻyicha subsidiya olishning barcha jarayoni ushbu Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan masʼuliyat lizing tashkiloti va tijorat banklarining rahbarlariga yuklanadi.

15. Jamgʻarma kelgan hujjatlarni oʻrganish natijalari asosida lizing yoki kredit boʻyicha foizli xarajatlarni qoplash uchun subsidiya ajratish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Jamgʻarma 1 (bir) ish kuni mobaynida lizing tashkiloti yoki tijorat bankini subsidiya ajratish toʻgʻrisida (rad etilgan taqdirda — asosli sabablar koʻrsatilgan holda) qaror qabul qilingani haqida xabardor qiladi.

16. Jamgʻarma Bosh bitimga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga buyurtmanoma taqdim etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi buyurtmanomada qayd etilgan mablagʻlarni 2 bank ish kunidan kechiktirmasdan Jamgʻarma hisobvaragʻiga oʻtkazadi.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan mablagʻ oʻtkazib berilgandan soʻng Jamgʻarma Bosh bitimga muvofiq 2 bank ish kunida lizing tashkiloti yoki tijorat bankiga subsidiya ajratadi.

3-bob. Subsidiyani hisoblash tartibi

18. Subsidiya ushbu Nizom talablari asosida rasmiylashtirilgan lizing va kredit muddatidan kelib chiqib haqiqatda qoldiq qarz summasiga hisoblanadi.

Bunda, toʻlov jadvali boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlikka qayta subsidiya hisoblanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

19. Qarz oluvchi shartnomaning toʻlov jadvaliga muvofiq oʻziga tegishli boʻlgan lizing yoki kredit foiz toʻlovlarini (subsidiya qilib beriladigan foizdan tashqari) toʻliq toʻlagan boʻlishi shart.

20. Subsidiya lizing tashkiloti uchun har chorakda, tijorat banki uchun har oyda keyingi oyning 20-kunigacha taqdim etilgan buyurtmanomalar boʻyicha hisoblangan joriy foizlar miqdorida hisob-kitob qilinadi.

21. Jamgʻarma tomonidan lizing tashkiloti yoki tijorat banki hisobvaragʻiga qarz oluvchi uchun hisoblangan foiz toʻlovini 10 foiz punktini qoplash uchun oʻtkazib berilgan subsidiya ushbu qarz oluvchining hisoblangan foiz toʻlovlari uchun hisob-kitob qilinadi.

22. Ajratilgan subsidiya qarz oluvchiga hisoblangan subsidiya miqdoridan koʻp boʻlgan taqdirda ortiqcha mablagʻlar 2 bank ish kunidan kechiktirmasdan Jamgʻarma hisobvaragʻiga qaytarib oʻtkaziladi.

23. Lizing yoki kredit shartnomasining shartlari oʻzgargan taqdirda ilgari tasdiqlangan va hisoblangan subsidiya miqdori oshirilmaydi, subsidiya muddati uzaytirilmaydi.

24. Jamgʻarma tomonidan ajratilgan subsidiyadan maqsadli foydalanishni, toʻlovlarning va hisob-kitoblarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Maqsadsiz foydalanilgan subsidiya mablagʻlari Bosh bitim shartlariga asosan Jamgʻarmaga qaytariladi.

4-bob. Subsidiya ajratishni toʻxtatish

25. Subsidiya ajratilishini toʻxtatish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

a) lizing yoki kredit shartnomasi boʻyicha subsidiya maqsadsiz ishlatilganligi yoki maqsadsiz foydalanilganligi aniqlanganda;

b) qarz oluvchi tomonidan lizing yoki kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlar toʻliq bajarilganda;

v) qarz oluvchining subsidiya olishdan bosh tortganligi toʻgʻrisidagi murojaati mavjud boʻlganda;

g) lizing yoki kredit shartnomasi toʻliq bekor qilinganda;

d) lizing yoki kredit shartnomasi boʻyicha subsidiya va shartnoma shartlari toʻliq bajarilganligi toʻgʻrisida lizing tashkiloti yoki tijorat banki murojaati asosida.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

26. Taraflar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi.

27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.

Qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga

ILOVA

Lizing yoki tijorat banki tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonasiga qishloq xoʻjalik texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ajratilgan lizing yoki kredit foizini qoplash uchun subsidiya ajratish

SXEMASI

Bosqichlar

Amalga oshiriladigan tadbirlar

Muddati

Masʼullar

I-bosqich

Qishloq xoʻjaligi korxonasi lizing tashkiloti yoki tijorat bankiga qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ariza taqdim etadi.

doimiy

Qishloq xoʻjaligi korxonasi

II-bosqich

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki qishloq xoʻjaligi korxonasi tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun taqdim etilgan arizani koʻrib chiqadi.

3 bank ish kuni

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki

III-bosqich

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki tomonidan ijobiy xulosa qabul qilinganda qishloq xoʻjaligi korxonasiga qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun lizing yoki kredit ajratadi.

xulosa qabul qilingandan keyin 1 bank ish kuni

Liznng tashkiloti yoki tijorat banki

IV-bosqich

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki qishloq xoʻjaligi korxonasiga qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ajratgan lizing yoki kredit foizining 10 foiz punktini qoplash uchun subsidiya ajratish yuzasidan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan koʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga buyurtmanoma taqdim etadi.

Hisobot davridan keyingi oyning 20 sanasiga kadar

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki

V-bosqich

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan koʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi lizing tashkiloti yoki tijorat bankining qishloq xoʻjaligi korxonasiga qishloq xoʻjaligi texnikasini liznng yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ajratgan lizing yoki kredit foizining 10 foiz punktini qoplash uchun subsidiya ajratadi.

Bosh bitimda belgilangan muddatda

Jamgʻarma

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi 578-son qaroriga

2-ILOVA

Vazirlar Mahkamasining «Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 2000 yil 2 noyabrdagi 424-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«1. Belgilansinki, yangi zamonaviy gʻalla oʻrish kombayni va paxta terish mashinasini va ular bilan agregatlashtirilib ishlatiladigan traktorni (keyingi oʻrinlarda qishloq xoʻjalik texnikasi deb ataladi) qishloq xoʻjaligi korxonalari va ularga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga (keyingi oʻrinlarda lizing oluvchilar deb ataladi) quyidagi lizing shartlarida yetkazib beriladi:

zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 20 foizi avans sifatida lizing oluvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobiga toʻlanadi;

zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 80 foizi lizing tashkilotlari tomonidan ularga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tomonidan qaytariladigan qarz asosida ajratiladigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi.»

2. 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«2. Lizing tashkilotlariga quyidagi vazifalar yuklansin:

lizing oluvchilarning qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish yuzasidan berilgan buyurtmalarini umumlashtirish;

qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish yuzasidan buyurtmalarni joylashtirish;

joylashtirilgan buyurtmalarga muvofiq yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun oʻz vaqtida avans toʻlash va uzil-kesil hisob-kitob qilish;

lizing shartnomalarini tuzish, yangi qishloq xoʻjaligi texnikasini lizingga berish, lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida undirilishini va Jamgʻarmaga toʻlanishini taʼminlash;

Jamgʻarma bilan tuzilgan har bir qarz shartnomasi boʻyicha ajratilgan mablagʻlarning hisobini oʻz vaqtida yuritish va ularni hisoblangan foizlari bilan toʻlash.»

3. 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

4. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«4. Zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Jamgʻarmaga har yili, 1 oktyabrdan boshlab va uning kelgusi yilga tushumlar va xarajatlari balansi tasdiqlangungacha boʻlgan davrda, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarilishini taʼminlash uchun ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy dileriga avans berish uchun lizing tashkilotlari buyurtmanomalari boʻyicha mablagʻlar ajratishga ruxsat etilsin. Avans berish har oylik ulushlar bilan, oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan yetkazib berish muddatidan kechikmay, ushbu shartnomada kelgusi yilda yetkazib berish nazarda tutilgan hajmlar va yetkazib berish muddatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Bunda, qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar va lizing tashkilotlari texnika qiymatining 80 foizi miqdorida avans toʻlovlarini olganidan soʻng lizing oluvchilarga qishloq xoʻjaligi texnikasining avans toʻlangan kundan boshlab 120 kun muddatda yetkazib berilishini taʼminlaydilar.»

5. 5-bandda:

birinchi xatboshidagi «Oʻzagrolizing» AJ» soʻzlari «lizing tashkilotlari» soʻzlari bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

«lizing muddatini fermer, dehqon xoʻjaliklari uchun 10 yil, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar uchun 7 yil etib belgilanishini nazarda tutadi.»

6. 6-bandda:

uchinchi xatboshidagi «Agrobank» ATB» va «Oʻzagrolizing» AJ» soʻzlari tegishlicha «tijorat banklari» va «lizing tashkilotlari» soʻzlari bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshidagi «Nazorat-taftish bosh boshqarmasi» soʻzlari «Davlat moliyaviy nazorati departamenti» soʻzlari bilan almashtirilsin.

7. Ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berish tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

1. Ushbu Nizom mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan yangi zamonaviy gʻalla oʻrish kombayni va paxta terish mashinasi va ular bilan agregatlashtirilib ishlatiladigan traktorni (keyingi oʻrinlarda qishloq xoʻjaligi texnikasi deb ataladi) lizing shartlarida yetkazib berishni tartibga soladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi uchun zarur qishloq xoʻjaligi texnikasini turlari boʻyicha shakllantirilgan maʼlumotni hisobot yilining 1 sentyabriga qadar Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) taqdim etadi.

3. Taqdim etilgan maʼlumot asosida Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish uchun mablagʻlar manbalarini shakllantiradi.

4. Jamgʻarma oʻzining veb-sahifasida kelgusi yil uchun qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishga qarz mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisidagi maʼlumotni joylashtiradi.

5. Jamgʻarmaning veb-sahifasiga joylashtirilgan maʼlumotlar asosida respublikada faoliyat yurituvchi barcha lizing tashkilotlari qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berish boʻyicha dastlabki buyurtmanomalarni Jamgʻarmaning veb-sahifasiga joylashtiradi.

6. Jamgʻarma veb-sahifaga joylashtirilgan dastlabki buyurtmanomalar tahlili asosida lizing tashkilotlari bilan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishga qarz mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisida Bosh bitim tuzadi.

Lizing tashkilotlari qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar yoki ularning rasmiy dilerlari bilan qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish, toʻlov tartibi va muddati koʻrsatilgan oldi-sotdi shartnomalari tuzadi.

7. Lizing tashkilotlari:

Jamgʻarma bilan moliyaviy resurslar jalb etish uchun shartnoma tuzadi. Bunda lizing boʻyicha daromad foizi miqdori, shuningdek, lizing oluvchilar tomonidan toʻlanadigan lizing toʻlovlaridan ushlab qolinadigan lizing tashkiloti va bank xizmatlari uchun toʻlovlar miqdori kelishib olinadi;

tijorat banklari bilan moliyaviy agent funksiyalarini bajarish yuzasidan;

sugʻurta tashkilotlari bilan sugʻurta qonunchiligiga muvofiq shartnomalar tuzadi.

8. Lizing tashkilotlari lizing oluvchilar bilan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berish shartnomalarini tuzadi. Har bir shartnomaga lizing toʻlovi jadvali ilova qilinadi. Bunda shartnomalar 3 nusxada tuziladi va bir nusxasi tijorat bankiga joʻnatiladi.

9. Lizing oluvchilar:

lizingga olinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 20 foizini lizing tashkilotlariga toʻlaydilar;

lizingga olinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasini oʻz mablagʻlari hisobiga sugʻurta tashkilotlarida sugʻurta qiladilar;

lizing shartlarida rasmiylashtirilgan qishloq xoʻjaligi texnikasining qoplanmagan qiymatini hamda hisoblangan lizing foizini fermer, dehqon xoʻjaliklari 10 yil muddatgacha, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi boshqa tashkilot va korxonalar 7 yil muddatgacha lizing tashkilotlariga toʻlaydilar.

10. Lizing tashkilotlari lizing oluvchilar toʻlagan avans mablagʻlaridan kelib chiqib qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 60 foizigacha avans toʻlovini toʻlashga pul mablagʻlarini ajratish uchun buyurtmanomalarni Jamgʻarmaga taqdim etadi.

Ushbu buyurtmanomalar asosida Jamgʻarma pul mablagʻlarini kelgusi davr uchun lizing tashkilotining tijorat bankidagi Jamgʻarma bilan hisob-kitoblar (23216) hisobvaragʻiga (keyingi oʻrinlarda amaliyot hisobvaragʻi deb ataladi) oʻtkazadi.

11. Lizing tashkiloti shartnomada belgilangan muddatda yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 80 foizi miqdorida ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy dilerlariga amaliyot hisobvaragʻidan avans mablagʻini toʻlaydi.

12. Lizing tashkiloti tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasi lizingga rasmiylashtirilgandan keyin shartnoma shartlariga muvofiq lizing oluvchiga yetkazib beriladi.

Lizing tashkiloti qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing oluvchiga yetkazib berganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgandan keyin qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining qolgan yakuniy 20 foizi miqdoridagi pul mablagʻlari Jamgʻarma tomonidan lizing tashkilotining amaliyot hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

13. Har oyda, kechi bilan oyning 5-kuni, lizing tashkiloti hizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga oldingi oyda tuzilgan shartnomalar boʻyicha lizing toʻlovi jadvali nusxalarini taqdim etadi.

14. Lizing oluvchilar lizing shartnomalarida belgilangan muddatlarda va miqdorlarda lizing tashkilotlariga lizing toʻlovlari (asosiy qarz va foiz)ni toʻlaydilar. Toʻlangan mablagʻlar toʻliq miqdorda amaliyot hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

15. Lizing tashkilotlari tuzilgan qarz shartnomalariga muvofiq jalb etilgan qarz mablagʻlar boʻyicha asosiy qarz va foizlarni shartnomada belgilangan muddatlarda Jamgʻarmaga toʻlanishini taʼminlaydi. Lizing boʻyicha foizlar Jamgʻarma, lizing tashkiloti va tijorat banki oʻrtasida tuziladigan Bosh bitimga muvofiq taqsimlanadi.

16. Lizing tashkiloti va tijorat banki Jamgʻarma mablagʻlarining harakati, mablagʻlardan foydalanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyning 5-kuniga, shuningdek, choraklik, yillik buxgalteriya hisobotlarini chorak tugagandan keyingi oyning 20-kuniga qadar Jamgʻarmaga taqdim etadi.

17. Lizing oluvchilar tomonidan majburiyatlar bajarilmaganda lizing tashkiloti, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undirish choralarini koʻradi. Undirilgan pul mablagʻlari lizing tashkilotining amaliyot hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

18. Lizing tashkiloti va unga hizmat koʻrsatuvchi tijorat banki va ularning hududiy filiallari rahbarlari, shuningdek, lizing oluvchilarning rahbarlari va bosh buxgalterlari Jamgʻarma mablagʻlarini maqsadga muvofiq ishlatilmaganligi, hisob-kitob qilish tartibi buzilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar».

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2019 y., 09/19/578/3419-son)

Matn va fayllar Jamg‘armaning avvalgi saytidan ko‘chirilgan; rasmiy manba — lex.uz.

Hujjat tarixi

Hujjatga o‘zgartirish kiritilmagan — amaldagi tahrir asl nusxa bilan bir xil.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida — Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi