Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Fermer xoʼjaliklari va gʼallachilik klasterlarining moddiy manfaatdorligini oshirish, ichki bozorni bugʼdoy va un mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, gʼallani davlat ehtiyojlari uchun zarur hajmdan ortiq xarid qilishdan voz kechish orqali sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida:
1. Qishloq xoʼjaligi vazirligi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2022 yil hosilidan sugʼoriladigan maydonlarning har gektaridan oʼrtacha 2,5 tonnadan jami 2 550 ming tonna bugʼdoyning:
1 783,5 ming tonnasini tovar bugʼdoy davlat resursi sifatida hamda 266,5 ming tonnasini urugʼlik uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʼjaligini davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi (keyingi oʼrinlarda – Jamgʼarma) mablagʼlari hisobidan xarid qilish;
500 ming tonnasini fermer xoʼjaliklari hamda boshqa gʼalla yetishtiruvchilar (keyingi oʼrinlarda – bugʼdoy yetishtiruvchilar) tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Jamgʼarmaning tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilish toʼgʼrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilab qoʼyilsinki, 2022 yil hosili uchun:
a) “Oʼzdonmahsulot” АK tizimidagi korxonalar tovar bugʼdoyni Jamgʼarma nomidan bugʼdoy yetishtiruvchilardan sotib olish, saqlash, shuningdek, xaridorlarga joʼnatish tadbirlarini amalga oshirish boʼyicha tijorat vakili hisoblanadi;
b) davlat resurslariga xarid qilingan tovar bugʼdoy uchun toʼlovlar bugʼdoy yetishtiruvchilarga tijorat vakili tomonidan Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan quyidagi bosqichlarda amalda oshiriladi:
dastlabki bosqichda – Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan narxlarda;
keyingi bosqichda – birjada shakllangan oʼrtacha narxdan (oʼrtacha kotirovkadan) kelib chiqib, bugʼdoy yetishtiruvchilar bilan toʼliq qayta hisob-kitob qilinadi;
v) bugʼdoy yetishtiruvchilardan tijorat vakilida vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan tovar bugʼdoy 2022 yilning iyulь-avgust oylarida birja savdolari orqali sotiladi. Bunda:
bugʼdoyni tashish (shu jumladan, ichki tashish), qabul qilish, saqlash va xaridorlarga joʼnatish xarajatlari tijorat vakili va bugʼdoy yetishtiruvchilar oʼrtasida tuzilgan shartnoma shartlaridan kelib chiqib, Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan qoplanadi;
bugʼdoyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga joʼnatish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida hisobdan chiqariladi;
bugʼdoyning sifati va saqlanishi boʼyicha nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аgrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga koʼra Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan xarid qilingan va bugʼdoy yetishtiruvchilardan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan:
3 va undan yuqori sinflardagi bugʼdoy – mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, birjadan xarid qilingan bugʼdoyning 75 foizidan kam boʼlmagan miqdordagi unni birja savdolari orqali sotish majburiyatini olgan,
un ishlab chiqarish quvvatlariga ega boʼlgan tadbirkorlik subʼektlariga;
4- va 5-sinflardagi bugʼdoy – barcha tadbirkorlik subʼektlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi.
Vazirlar Mahkamasiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligining manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan taklifi asosida mazkur bandda nazarda tutilgan tartibga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish vakolati berilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi 2023 yil 1 mayga qadar Vazirlar Mahkamasiga mazkur bandda nazarda tutilgan tartibni 2023 yil hosili uchun saqlab qolish yoki birja savdolarini cheklovlarsiz tashkil etish yuzasidan taklif kiritsin.
4. Moliya vazirligi “Oʼzdonmahsulot” АK tizimidagi korxonalarga birjadan bugʼdoy sotib olish uchun revolьver kreditlarni moliyalashtirish maqsadida Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan 800 milliard soʼmgacha tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasida resurs joylashtirilishini taʼminlasin.
5. Аdliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda bugʼdoy yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan bugʼdoyni xarid qilish, vaqtinchalik saqlashga qabul qilish boʼyicha Jamgʼarma va tijorat vakili oʼrtasida tuziladigan shartnomalarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin hamda amaliyotga joriy etilishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining olis, borish qiyin boʼlgan va togʼli hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish boʼyicha transport xarajatlarining 50 foizidan oshmagan qismini mahalliy byudjetlarning qoʼshimcha manbalari hisobidan qoplash toʼgʼrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Jamgʼarma tomonidan xarid qilinadigan va birja savdolari orqali sotiladigan bugʼdoyning hisobini yuritish, xaridorlar bilan oʼzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hududiy boshqarmalaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga Jamgʼarmaga qoʼshimcha 6 ta shtat birligi ajratilsin.
8. Gʼallani sotib olish va sotishda yangi tizim shaffofligi, toʼlaqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bugʼdoy yetishtiruvchilar manfaatdorligini taʼminlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining oʼsishi va taqchilligining oldini olish boʼyicha Respublika shtabi ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Respublika shtabining (N.Yoʼldoshev) asosiy vazifalari etib belgilansin:
bugʼdoyni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish va boshoqli don ekinlari yetishtirilishini moliyalashtirish ustidan nazorat mexanizmini takomillashtirish boʼyicha taklif tayyorlash;
gʼallani oʼz vaqtida yigʼishtirib olish, daladan don qabul qilish shoxobchalariga nest-nobud qilmasdan olib kelish va grafik asosida birja savdolariga chiqarish ishlarini tashkil etish;
taqchillikka yoʼl qoʼymaslik va narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida hududdagi isteʼmol talabi uchun zarur boʼlgan un va un mahsulotlarini respublikaning boshqa hududlaridan va chetdan olib kelish hamda “Oʼzdonmahsulot” АK tizimidagi korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari saqlab qolinishini nazorat qilish;
gʼallani tasdiqlangan grafik asosida birja savdolariga chiqarish hamda toʼlovlarning amalga oshirilishi ustidan kunlik nazorat oʼrnatish;
gʼallani sotib olish va sotish boʼyicha yangi tizim shaffofligi, toʼlaqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bugʼdoy yetishtiruvchilar manfaatdorligini taʼminlash.
9. Qishloq xoʼjaligi vazirligi va “Oʼzdonmahsulot” АK manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda donni qabul qilish va omborlardan chiqarish jarayoni, shuningdek, Jamgʼarma, tijorat vakili va bugʼdoy yetishtiruvchilar oʼrtasidagi moliyaviy hisob-kitoblar tezkor va shaffof amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida d-xarid.uz axborot tizimini ishga tushirsin.
10. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini nazarda tutuvchi qarorni ishlab chiqsin.
11. Moliya vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib, qishloq xoʼjaligi vaziri J.Xodjaev, moliya vaziri T.Ishmetov, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosarlari J.А.Qoʼchqorov va Sh.M.Gʼaniev zimmasiga yuklansin.
Oʼzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYoEV
Toshkent shahri,
2022 yil 28 may


