Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni yanada oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalariga oʻtish, oʻsimliklar himoyasi boʻyicha xizmatlarni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy laboratoriyalar barpo etish, fermerlarni oʻqitish kabi tadbirlarni ragʻbatlantirishning taʼsirchan mexanizmini joriy etish maqsadida:
1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchi (ijarachi)lar tomonidan paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlar uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 2022-2023 yillarda sinov tariqasida ragʻbatlantirishning quyidagi mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
tuproq unumdorligini oshirish va eroziyadan muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirganlik uchun soliq imtiyozlari berish;
tasdiqlangan yer tuzish hujjatlariga muvofiq qishloq xoʻjaligi yerlarini tiklash, qayta foydalanishga kiritish va yangidan oʻzlashtirish, qishloq xoʻjaligi yerlarini rekultivatsiyalash va melioratsiyalash tadbirlarini bajarish uchun subsidiyalar ajratish va yer soligʻidan qisman ozod etish.
2. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2022-2023 yillarda sinov tariqasida:
a) tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni va sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etish hamda oʻsimliklar himoyasi boʻyicha xizmatlarni yoʻlga qoʻyish va zamonaviy laboratoriyalarni barpo etish, shuningdek, dehqonchilik sohasidagi yangiliklar va ilgʻor tajribalar boʻyicha fermerlarni oʻqitish uchun yerdan foydalanuvchi (jumladan, klaster)larga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har bir gektar maydonga bir million soʻmdan subsidiya ajratiladi. Bunda:
paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish boʻyicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70 foizi ajratiladi;
subsidiyaning qolgan 30 foiz qismi hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan oʻrtacha 15 foizga oshirilib, Davlat statistika qoʻmitasining tahliliy maʼlumotlarida oʻz aksini topganda, oʻtkazib beriladi;
b) paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirganlik uchun soliq imtiyozlari tuproq bonitirovkasi tahlili natijalari boʻyicha tuproq unumdorligi oshgan yerdan foydalanuvchilarga tatbiq etiladi. Bunda:
yerdan foydalanuvchilar uchun yer uchastkasi tuprogʻi bonitet bali amaldagi bonitet ballga nisbatan 3 ballgacha oshgan hollarda yer soligʻi stavkasi 25 foizga, 3 ball va undan oshgan hollarda 50 foizga kamaytiriladi;
yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar uch yil muddatga amal qiladi.
3. Quyidagilar:
2022-2023 yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatini yaxshilash uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan oʻtkaziladigan tumanlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalariga oʻtishda amalga oshiriladigan ilmiy asoslangan tadbirlar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish boʻyicha tadbirlarni bajarish uchun subsidiya ajratish tartibini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda:
qishloq xoʻjaligida yer munosabatlarini tartibga solish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ tomonidan tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatini yaxshilash boʻyicha tadbirlarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida murojaatlarni koʻrib chiqish uchun asos boʻladigan hujjatlar;
paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish boʻyicha tadbirlarni bajarish uchun subsidiya ajratiladigan yerdan foydalanuvchilar roʻyxatini shakllantirish tartibi;
Davlat byudjetidan subsidiya ajratiladigan yer uchastkasi maydonini aniqlash hamda subsidiya miqdorini hisoblash va taqdim etish muddati;
paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish boʻyicha bajariladigan tadbirlar rejasini ishlab chiqish va uni tasdiqlash tartibi nazarda tutilsin.
5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur qarorning 1-ilovasiga asosan subsidiya ajratiladigan tumanlar boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan masʼullar va muddatlarni aniq belgilagan holda har bir tuman uchun alohida “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2023 yil 15 dekabrga qadar mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq sinov tariqasida subsidiya ajratilgan tumanlarda paxta xomashyosini yetishtirish natijalarini tahlil qilib, mazkur tajribani respublikaning boshqa tumanlarida joriy etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Hisob palatasi (B.T.Turabov) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bilan birgalikda mazkur qaror doirasida Davlat byudjeti hisobidan mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev, moliya vaziri T.A.Ishmetov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A.Qoʻchqorov va Sh.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022 yil 25 mart manba www. uza.uz



