Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi yerlarining samaradorligini, jumladan, suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllagan holda, oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari zamon talablariga moslab borilayotganligi sababli suvni tejaydigan texnologiyalar 2021 yilning oʻzida
433 ming gektar maydonda joriy etildi va ularning umumiy koʻrsatkichi sugʻoriladigan maydonlarning 17 foizini tashkil qildi.
Biroq, suvni tejaydigan sugʻorish tizimlarini ishlab chiqarish, yetkazib berish, xarid qilish, joylarda loyihalashtirish va oʻrnatishdagi kamchiliklar hamda ayrim qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning bu boradagi koʻnikmalari yetarli emasligi mazkur texnologiyalarning oʻz vaqtidan kechikib joriy qilinishiga sabab boʻlmoqda.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurclaridan yanada samarali foydalanish maqsadida:
1. Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2022 yilda
478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali suvdan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. 2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari bilan birgalikda mazkur qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlarga muvofiq 2022 yil yakuniga qadar respublika boʻyicha kamida:
230 ming gektar, shu jumladan, 160 ming gektar paxta xomashyosi yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sugʻorish;
28 ming gektar, shu jumladan, 25 ming gektar boshoqli don yetishtiriladigan maydonlarda yomgʻirlatib sugʻorish;
2 ming gektar qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarida diskretli sugʻorish tizimlari joriy qilinishini;
218 ming gektar ekin maydonlarining lazerli uskuna yordamida tekislanishini tashkil etsin;
b) Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Bosh prokuratura (Sh.J.Raximov), Ichki ishlar vazirligi (S.A.Nishanbayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlar ijrosi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin hamda natijalarini tanqidiy muhokama qilib borsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi
(J.A. Xodjayev), “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U.M.Mustafoyev), Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi (B.F. Islamov) bilan birgalikda bir hafta muddatda 2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha manzilli roʻyxatni tasdiqlasin, bunda:
suvni tejaydigan tizimlar, birinchi navbatda, yirik suv uzatish va suv chiqarish tarmoqlarining bosh qismida joriy etilishi lozimligini inobatga olgan holda “bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida joylashtirilishiga;
ekin maydonlarining mavjud infratuzilmasidan kelib chiqqan holda doimiy ravishda uzluksiz elektr energiyasi va suv bilan taʼminlash imkoni mavjudligiga eʼtibor qaratilsin.
4. 2022 yildan boshlab qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilansin:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 2-ilovaga muvofiq;
suvni tejaydigan sugʻorish tizimlarini xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 3-ilovaga muvofiq taqdim etiladi.
Subsidiya mablagʻlari mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq hisob-kitob qilingandan soʻng, hisob-kitob qilingan summaning:
50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi;
50 foizi kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi;
qoʻshimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, gʻalla va meva-sabzavot klasterlariga toʻlab beriladi.
5. Belgilansinki:
mazkur qarorning 4-bandida nazarda tutilgan subsidiya mablagʻlari joriy qilingan suvni tejaydigan sugʻorish tizimlari kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi;
suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablagʻlarning oʻrni toʻliq qoplanganidan soʻnggina ruxsat etiladi;
2021 yilda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun Davlat byudjetidan subsidiya mablagʻlarini olgan, biroq joriy etilgan suvni tejaydigan sugʻorish tizimlarini sugʻorish mavsumida ishlatishga ulgurmagan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar mazkur tizimni 2022 yil sugʻorish mavsumiga qadar ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablagʻlarini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytaradi.
Bosh prokuratura (Sh.J.Raximov), Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (A.D.Vaxabov) va Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev va R.J.Qarshiyev) mazkur bandda belgilangan talablarning ijrosini qatʼiy nazoratga olsin.
6. Bosh vazir oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov, Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash uchun respublika byudjetidan 1 182,4 milliard soʻm mablagʻlarning oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasin.
7. Suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilingan ekin maydonlari uzluksiz:
suv bilan taʼminlanishiga – suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev;
elektr energiyasi bilan taʼminlanishiga – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U.M.Mustafoyev shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
8. Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga:
irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tarkibida 1 shtat birligidan iborat ichki audit guruhlari (keyingi oʻrinlarda – ITHB ichki audit guruhlari) tashkil etilsin;
Suv xoʻjaligi vazirligining ichki audit xizmatiga qoʻshimcha 1 ta shtat birligi ajratilsin.
Belgilansinki:
a) ITHB ichki audit guruhlari bevosita Suv xoʻjaligi vazirligining ichki audit xizmatiga boʻysunadi;
b) ITHB ichki audit guruhlarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq ajratiladigan subsidiyalarning toʻgʻri hisoblanganligini hamda belgilangan tartibda rasmiylashtirilganligini oʻrganish;
joriy qilingan suvni tejaydigan tizimlarning haqqoniyligini joyiga chiqqan holda oʻrganish;
Suv xoʻjaligi vazirligiga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan xulosa kiritish;
suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga sarflangan xarajatlar boʻyicha hujjatlarni hamda bu borada amalga oshirilgan buxgalteriya operatsiyalarini doimiy monitoring qilib borish;
suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishda vujudga kelishi mumkin boʻlgan qonun buzilishi holatlarining barvaqt oldini olishga qaratilgan choralar yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boʻlimi tomonidan yuritiladigan suvni tejaydigan tizimlarning joriy qilingan maydonlari boʻyicha hisobotlarning haqqoniyligini nazorat qilish.
9. Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (Sh.Sh. Sharaxmetov) bilan birgalikda bir oy muddatda oʻtgan yillarda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish ishlarini sifatli amalga oshirgan hamda bozor iqtisodiyotida erkin raqobat talablariga toʻliq javob bera oladigan “Tomchi-reestr” pudrat korxonalarining yagona elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda – “Tomchi-reestr” YAER)ni ishlab chiqsin.
“Tomchi-reestr” Yaerni ishlab chiqishda, jumladan, quyidagilarga eʼtibor qaratilsin:
korxonaning ishlab chiqarish bazasiga ega boʻlishiga;
korxona tomonidan mahalliy sharoitda ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilganligi yoki xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlik maqomiga ega boʻlishiga;
amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan soliq xavfi darajasiga;
loyihani amalga oshirish uchun zarur texnika, malakali mutaxassis, jumladan, loyihachi, injener va agronomlar bilan taʼminlanganlik darajasiga;
amalga oshirilgan loyihalar doirasida fermer xoʻjaliklariga servis xizmati koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilganligiga.
Belgilab qoʻyilsinki, “Tomchi-reestr” Yaerga kiritilmagan pudrat korxonalari tomonidan amalga oshirilgan loyihalarga subsidiya mablagʻlari ajratilmaydi.
10. “Tomchi-reestr” Yaerga kiritiladigan subyektlarni aniqlash uchun Suv xoʻjaligi vazirligiga:
Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan xodimlar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar, toʻlangan soliqlar va ish haqi fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
boshqa mutasaddi vazirliklar va idoralar tomonidan zarur idoraviy maʼlumotlar oʻrnatilgan tartibda taqdim etilishi belgilab qoʻyilsin.
11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (K.A. Yuldashev) Suv xoʻjaligi vazirligi (R.J.Qarshiyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.A.Pekos) hamda Moliya vazirligi (A.Ya. Xaydarov) bilan birgalikda 2022 yil 10 martga qadar suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda – “Agro-subsidiya” YAAT) joriy qilinishini taʼminlasin.
12. “Agro-subsidiya” YAAT hamda “Tomchi-reestr” Yaerdan foydalanish xarajatlari Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishi belgilansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4499-son qaroriga muvofiq 2022 yil 1 yanvardan:
paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun nasos agregatlari va sugʻorish quduqlari isteʼmol qilgan elektr energiyasi qiymatini Davlat byudjetidan subsidiyalar hisobiga qoplash tartibi faqat suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga tatbiq etilishi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari tomonidan suv xoʻjaligi tashkilotlarining sugʻorish quduqlari va vertikal drenaj quduqlaridan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun foydalanishga suvni tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash sharti bilan ruxsat etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Bosh prokuratura (Sh.J.Raximov), Moliya vazirligi (A.Ya. Xaydarov) Ichki ishlar vazirligi (S.A. Nishanbayev) va Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev va R.J. Qarshiyev) mazkur bandda belgilangan talablarning ijrosini qatʼiy nazoratga olsin.
14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norqulov) Moliya vazirligi (A.Ya.Xaydarov) va Suv xoʻjaligi vazirligi (R.J.Qarshiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda 10 gektardan kam boʻlmagan paxta va boshoqli don maydonlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 100 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda qoplash tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Suv xoʻjaligi vazirligi (R.J. Qarshiyev) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A.M.Toʻrayev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (Sh.U. Turdiqulova) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (R.R. Xakimov) bilan birgalikda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan gʻoʻza maydonlarida sugʻorish meyorlari, gʻoʻzaning rivojini taʼminlashga qaratilgan innovatsion agrotexnologiyani ishlab chiqish boʻyicha ilmiy loyiha tayyorlasin va ekspertiza natijalariga muvofiq ilmiy faoliyatga oid Davlat dasturlari doirasida amalga oshirish choralarini koʻrsin.
16. Quyidagilarga:
Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga – xolislik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligini taʼminlash;
suv xoʻjaligi vaziri Sh.R.Xamrayev zimmasiga – hududlarning oʻziga xosligini hisobga olgan holda tomchilatib sugʻorish tizimini qurish boʻyicha namunaviy loyihalarni ishlab chiqish, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimini montaj qilish va servis xizmati koʻrsatish guruhlari tashkil etilishini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi vaziri J.A.Xodjayev zimmasiga – hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, suvni tejaydigan texnologiyalar orqali paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish boʻyicha agrotexnologik xaritalarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktori R.R.Boboyev zimmasiga – barcha yangi tashkil etilayotgan sanoatbop uzum plantatsiyalariga tomchilatib sugʻorish tizimlari oʻrnatilishini taʼminlash yuzasidan javobgarlik yuklansin.
17. Suv xoʻjaligi vazirligi (A.A.Mirzayev) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Sh.Sh. Mirzayev) va Moliya vazirligi (A.Ya. Xaydarov) bilan birgalikda ikki hafta muddatda mazkur qarorga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi 95-son qaroriga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutadigan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
19. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari
Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022 yil 1 mart



